• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Yaqin Sharqdagi voqealarga oid

Yaqin Sharqdagi voqealarga oid

news

Chuqurlashib borayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar, shuningdek, mintaqaviy beqarorlikning saqlanib qolayotgan manbalari fonida bashorat qilish qiyin bo‘lgan jarayonlarning rivojlanishi bilan birga jadal o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyat xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Eron-Isroil mojarosining joriy yilning 13 iyunidagi kuchayishi xalqaro tanglikning o’sishining asosiy omiliga aylandi. Ilgari asosan yashirin va assimetrik xarakterga ega bo'lgan bu mojaro birinchi marta harbiy zarbalar bilan almashishdan keyin keng ko'lamli urushga aylanib ketish xavfi bilan ochiq davlatlararo qarama-qarshilik belgilariga ega bo'ldi. Bu nafaqat mojaroning bevosita ishtirokchilari va ittifoqchilari, balki jahon hamjamiyatining aksariyat davlatlarida ham xavotir uyg'otdi.

Bunday holatning sababi tizimli va ko'p qirrali hamda global xarakterga ega bo'lib, birinchi navbatda energiya xavfsizligi muammolari bilan bog’liq. Mojaro Fors ko'rfaziga kirish eshigi bo'lgan strategik ahamiyatga ega Hormuz yo’lagini yopib qo'yish xavfini oshirib, xalqaro savdo va tranzit yo'laklari va ko'rfaz bandargohlarini to'sib qo'yish xavfini oshirdi. Jahon neft eksportining 20-25% va tabiiy gazning 30% dan ortigʻi Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtadi. Bu mintaqada barqarorlikka tahdid soladigan har qanday tahdidlar darhol neft va gazning jahon narxlarida o‘z aksini topadi,  degani, ya’ni ular mojaro bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmagan mamlakatlar manfaatlariga zarar keltiradi. Ba'zi ekspertlar hozirdanoq narxning o’sishi bir barrel uchun 100 dan 250 dollargacha yetishini taxmin qilmoqda.

Mojaro moliya va investitsiya bozorlari manfaatlariga ham ta'sir qildi. Investorlar, qoida tariqasida, qaltis mintaqadagi beqarorlik belgilarini salbiy qabul qiladilar. Noaniqlik kapital oqimini oshiradi va quyidagilarga ta'sir qilishi mumkin:

  • energetika va transport sektoriga xavfli investitsiyalar darajasiga;
  • Yaqin Sharq va qo'shni mintaqalarning to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligiga;
  • rivojlanayotgan mamlakatlar valyutalarining barqarorligiga.

Shunday qilib, global o'zaro bog'liqlik sharoitida xatto mintaqaviy mojarolar ham jahon iqtisodiyotiga nomutanosib ravishda katta ta'sir ko'rsatishi mumkin. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat diplomatik vositachilik, OPEK+ doirasida muvofiqlashtirish, sug‘urta mexanizmlari va logistika operatorlarining moslashuvchanligini o‘z ichiga olgan bir qator oldini olish javob vositalariga ega ekanini ta’kidlash lozim. Shuning uchun uzoq muddatli barqarorlik nafaqat mojaroning rivojlanishiga, balki asosiy xalqaro ishtirokchilarning kelishilgan holda harakat qilish qobiliyatiga, deeskalatsiya va barqarorlikni saqlashga, insoniyat iqtisodiyotining muhim sohalariga bog'liq bo'ladi.

Eron-Isroil mojarosining kuchayishi, shuningdek, dunyoning yetakchi davlatlarining Yaqin Sharqdagi geosiyosiy raqobati kuchayishining ham omili bo’ldi. Global kuch markazlari o‘rtasidagi bu raqobat mintaqani bir-biri bilan kesishgan manfaatlar maydoniga aylantirib, uni tarqoq va strategik jihatdan noaniq holga keltirmoqda. Tarixan Yaqin Sharq, Yevropa, Shimoliy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi asosiy geosiyosiy va tranzit yo‘nalishlari kesishgan joyda joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun bunday dinamika tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy xavflarni keltirib chiqaradi. O‘zbekiston rahbari Sh.M.Mirziyoev mojaro boshlangach: “dunyoda yana mojaro  boshlandi, u nafaqat Yaqin Sharq, balki bizning mintaqaga ham ta’sir ko‘rsatadi”, degan xavotirni bildirdi.

Ma’lumki, bir necha yildirki, Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro transport-logistika yo’laklarini, jumladan, “Shimol-Janub”, “Xitoy - Markaziy Osiyo -Yevropa”, TRASEKA va trans-afgʻon tashabbuslarini rivojlantirishda faollik koʻrsatmoqda. Ushbu loyihalar tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va mintaqaning global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun strategik muhim hisoblanadi. Biroq Fors ko‘rfazi va Qizil dengizdagi mojaroning kuchayishi ushbu yo‘nalishlarning barqarorligi va bashorat qilinishi uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda. Harbiy va siyosiy keskinlikning kuchayishi sug'urta xarajatlarining oshishiga, yetkazib berish muddatlarining uzayishiga va tranzaksiya xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin, bu esa odatda mintaqaning xalqaro yuk tashish va infratuzilmaga sarmoya kiritish uchun jozibadorligini pasaytiradi.

Yuzaga kelgan vaziyatga baho berar ekanmiz, shuni aytish mumkinki, Eron-Isroil mojarosi mintaqaviy darajadagi holatdan butun xalqaro xavfsizlik arxitekturasiga ta’sir ko‘rsatishga qodir omillar toifasiga o‘tdi. Uning rivojlanishi o‘ta muhim masalalarga – energetika, global savdo va transport yo‘laklarining barqarorligiga ta’sir qildi. Markaziy Osiyo uchun bu oqibatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy ma’noda emas, balki tashqi xatarlarning kuchayishi va barqaror rivojlanish yo‘lini amalga oshirishni davom ettirish uchun shart-sharoit yaratish maydonining torayishida namoyon bo‘ladi. Bunday sharoitda turli yo‘nalishlarda mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifa ekanini davlatimiz rahbari joriy yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumida bugungi voqealarni sezayotgandek ta’kidlagan edi.

Mojaroni ehtimoliy hal qilish muammosiga o'tadigan bo'lsak, shuni ta'kidlash lozimki, bir tomondan Eron, ikkinchi tomondan, Isroil va AQSh o'rtasidagi ziddiyat hozirgi zamon xalqaro siyosatidagi eng murakkab va ko'p qirrali muammolardan biridir. U nafaqat siyosiy va harbiy qarama-qarshiliklarni, balki barqaror va tez tartibga solishga erishishni qiyinlashtiradigan mafkuraviy, tarixiy, diniy va mintaqaviy jihatlarni ham o'z ichiga oladi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, so'nggi o'n yilliklar davomida bu tomonlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlar tiyib turish, davriy inqirozlar va diplomatik yaqinlashishga urinishlar ko’rinishida sodir bo'ldi. 2015-yilda imzolangan Qo‘shma kompleks harakatlar rejasi (QKHR), siyosiy iroda bilan eng nozik masalalar ham konstruktiv muloqot mavzusiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatishning yorqin misoli bo‘ldi. Biroq manfaatdor tomonlarning keyingi qadamlari vaziyatni yana keskinlik zonasiga qaytardi.

Mojaroning hozirgi rivojiga e’tibor berilsa, biz hozirda mintaqaviy xavfsizlikning boʻlinish darajasi oshganiga, ayniqsa, Yaman, Suriya, Livan va Gʻazo sektoridagi mojarolarda ishtirok etayotgan nodavlat aktorlar faolligining kuchaygani misolida,  guvoh boʻlamiz. Bu holat tizimli yondashuv zarurligini, bunda mojaroning bevosita ishtirokchilari bilan bir qatorda mintaqadagi vaziyatni normallashtirish va energiya bozorlarini barqarorlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan nufuzli vositachilar ham muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatadi.

Hozircha mojaroni tez va to‘liq hal etish haqida gapirishga hali erta. Biroq, maqsadli kelishuvlar, keskinlikni kamaytirish mexanizmlari va ishonchni mustahkamlash choralari, ayniqsa, diplomatik sa'y-harakatlarni kuchaytirish va deeskalatsiyadan o'zaro manfaatdorlik bo’lgan taqdirda, mumkin. Bunday qadamlar yaqin kelajakda yanada barqaror muloqotni boshlash uchun asos bo'lishi mumkin.

Mavjud omillarning murakkabligi va mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning davom etayotgan ishonchsizligi hisobga olinsa, uning yaqin kelajakda yakuniy yechimi ushbu tomonlarning murosaga kelish yo’llarini topish qobiliyatiga bog'liq bo'ladi. Bu borada ochiq muloqot kanallarini saqlab qolish, ishonchni bosqichma-bosqich tiklash, barcha tomonlarning nafaqat o‘z manfaatlarini, balki mintaqaviy va global barqarorlikni ham hisobga olishga intilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tarix shuni ko'rsatadiki, hatto eng shiddatli to'qnashuvlar ham siyosiy iroda, strategik vazminlik va nufuzli vositachilar ishtiroki bo'lsa, kelishuvlar tomon rivojlanishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, Prezident Donald Trampning Eron va Isroil oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi yaqinda qilgan bayonoti, uning siyosiy kontekstidan qatʼi nazar, axborot va diplomatik signal sifatida, ayniqsa, uning ham ichki Amerika auditoriyasiga, ham xalqaro kun tartibiga taʼsirini hisobga olgan holda, albatta, qiziqish uygʻotadi. Mintaqada davom etayotgan yuqori keskinlik fonida o’t ochishni to’xtatish yoki harbiy tanglikni pasaytirish imkoniyatini ko'rsatuvchi har qanday bayonot ijobiy axborot belgisi sifatida qabul qilinishi mumkin, ammo uning realizmi va uzoq muddatli tabiati balandparvozlik emas, balki rasmiy tomonlarning muvofiqlashtirilgan harakatlariga, shartnomalar ijrosini nazorat qiluvchi diplomatik kanallar va mexanizmlarning mavjudligiga bog'liq.

Garchi bunday bayonotlar keskinlikni pasaytirishni kafolatlamasa-da, ulardan diplomatik imkoniyatlar oynasi sifatida foydalanish mumkin, ayniqsa ular ortidan manfaatdor tomonlarning rasmiy vakillari tomonidan bir qator amaliy qadamlar qo‘yilsa. Kelajakdagi har qanday tashabbuslar xalqaro vositachilarning mumkin boʻlgan ishtiroki va qarama-qarshi tomonlarning roziligi bilan institutsional asosga, oʻzaro majburiyatlarga va keskinlikni yumshatish boʻyicha kelishilgan formatlarga asoslanishi muhim.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tashqi ishlar vazirligining rasmiy pozitsiyasida aniq ifodalangan tashqi siyosat kursi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu pozitsiyaning markazida nizolarni hal qilishning harbiy yo'lidan tubdan voz kechish, tinch muloqot va xalqaro huquq normalariga muvofiq hal etishga intilish, shuningdek, barqaror rivojlanish, mintaqaviy va global barqarorlikni ta'minlashning asosiy vositasi sifatida siyosiy va diplomatik usullarga e'tibor qaratish yotadi.

 

A.Xaydarov

s.f.d., professor

O‘zbekiston Respublikasi

JIDU, Diplomatik akademiya direktori