• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Yangiliklar

news

publications

24.12.2025

327

Oʻzbekiston va AQSH yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida AQSH Prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramlari bilan tabriklab, doʻst Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Donald Tramp, oʻz navbatida, Oʻzbekiston yetakchisi va xalqiga oʻzining hamda AQSH xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yoʻllab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tiladi.

Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, Oʻzbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil koʻrib chiqdilar.

Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning oʻtkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali saʼy-harakatlarini alohida taʼkidladi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda oʻnlab milliard dollarlik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qoʻshma Investitsiya fondini taʼsis etish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. Oʻzbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ushbu mamlakatda boʻldi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, koʻp tomonlama hamkorlik, jumladan, “С5+1” formatining ahamiyati taʼkidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldilar.

Oʻzbekiston Prezidenti Amerika yetakchisini oʻzi uchun qulay muddatda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

news

publications

24.12.2025

341

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi

Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘ldilar.

Hakamlar hay’atining qarorida ta’kidlanganidek, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzoladilar va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdilar.

Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning e’tirofi ekani ta’kidlandi. Birodar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli bo‘lgani qayd etildi.

news

publications

24.12.2025

200

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga mehmondoʻstlik va bugungi uchrashuvimizni aʼlo darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Belarus tomonining, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali raisligini alohida qayd etmoqchiman. Bu davrda koʻp tomonlama amaliy hamkorlik yangi surʼat kasb etdi.

Global bozorlarning tobora parchalanib borayotgani, logistika zanjirlarining murakkablashayotgani va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvor yoʻnalishlarning oʻzgarayotgani sharoitida biz uchun strategik va tabiiy sheriklarimiz boʻlgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan pragmatik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish prinsipial ahamiyat kasb etmoqda.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlikning soʻnggi toʻrt yilida Oʻzbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi.

Iqtisodiy aloqalar tarkibida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani, kooperatsiya loyihalari kengayib borayotgani barqaror surʼat koʻrsatayotgani ayniqsa muhimdir.

Bu hamkorlarimiz ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlashdan chinakam manfaatdorligini aks ettiradi.

Oʻzbekiston Yevroosiyoning asosiy formatlarida faol ishtirok etmoqda.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin aniq tadbirlarni oʻz ichiga olgan uch yillik reja amalga oshirilmoqda.

Qoʻshma Ishchi guruh formatidagi ishlar davom etmoqda: uning beshinchi yigʻilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, YOIIning elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqdamiz.

Oʻzbekiston va YOII bojxona chegaralari orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida axborot almashish toʻgʻrisida bitim tuzish boʻyicha muzokaralarni boshlash haqidagi qaror qabul qilinganini olqishlaymiz.

Ishonchimiz komilki, transchegaraviy maʼlumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va transport tizimlarimizning Yevroosiyo yoʻlaklariga integratsiyalashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilishi hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi. Bank bilan birgalikda infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Hurmatli hamkasblar!

YOII bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlarimizni qisqacha aytib oʻtmoqchiman.

Birinchi. Savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish asosiy vazifa boʻlib qolmoqda.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya meʼyorlari borasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish maqsadida MDH va YOII institutlari oʻrtasidagi muvofiqlashtirishni faollashtirish zarur deb hisoblaymiz.

Ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va bojxona maʼmuriyatchiligidagi tafovutlar bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tarif va notarif toʻsiqlar boʻyicha “Oʻzbekiston – YOII” qoʻshma muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzishni taklif etamiz.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar roʻyxatini birgalikda shakllantirish zarur.

Oʻzbekistonning YTTBga qoʻshilishi munosabati bilan sheriklikning strategik yoʻnalishlarini birgalikda belgilab olish hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni qamrab olgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Ishonchimiz komilki, Bank nafaqat moliyalashtirish manbai, balki integratsiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish katalizatoriga aylanishi mumkin.

Uchinchi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.

Raqamli platformalarni, jumladan, elektron tijorat va raqamli markirovkalashni oʻzaro bogʻlash boʻyicha YOIK bilan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashni taklif etamiz.

Bojxona maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish va yuk tashishning “choksiz” modeliga oʻtishni ham ustuvor vazifa sifatida koʻryapmiz.

Toʻrtinchi. Biz YOIIning biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika kabi yoʻnalishlarni qamrab oluvchi texnologik platformalariga qoʻshilishdan manfaatdormiz.

Beshinchi. Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirishga ham qoʻshilishga tayyormiz.

Bunday yondashuv mamlakatlarimiz turistik mahsulotlarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash imkonini beradi.

Hurmatli doʻstlar!

Oʻzbekiston YOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir.

Fursatdan foydalanib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga Birlashmaga raislik Qozogʻistonga oʻtishi munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchangizni va birodar xalqlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

news

publications

19.12.2025

488

Oʻzbekiston Prezidenti va Yaponiya Imperatorining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini 19-dekabr kuni Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi.

Yaponiya Imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi Oʻzbekiston – Yaponiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrlik tarixiy aloqalar bogʻlab turgani taʼkidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot oʻtadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega boʻldi. Oʻzbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili oʻqitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Imperator Naruxitoga Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.

news

publications

17.12.2025

612

Oʻzbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Parlamenti Spikerini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklikni, jumladan, parlamentlar hamkorligi orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy va parlamentlararo aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi hamda Koreyadan, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarning soni ortib bormoqda.

Gumanitar va taʼlim almashinuvlari kengaymoqda. Oʻzbekistonda Koreya yetakchi universitetlarining toʻrtta filiali, shuningdek, mamlakatimiz hududlaridagi professional taʼlim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar va oʻta muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va boshqaruvda ilgʻor yechimlarni joriy etish boʻyicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish qoʻllab-quvvatlandi.

Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish hamda parlamentlardagi “doʻstlik guruhlari” ishini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Boʻlajak oliy darajadagi, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasidagi tadbirlarning kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi qayd etildi.

news

publications

12.12.2025

516

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik va ishonch xalqaro forumidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va bugungi forumni yuksak darajada tashkil etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Turkmaniston rahbariyatini va butun qardosh turkman xalqini milliy bayram – Doimiy betaraflik eʼlon qilinganining 30 yilligi bilan tabriklayman.

Ushbu qutlugʻ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq boʻlib kelayotganini oʻzida mujassam etadi.

Biz mazkur forumni tinchliksevarlik va tinchlikparvarlik gʻoyalarini ilgari surish, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni muloqot hamda muzokaralar vositasida hal qilish yoʻllarini izlash uchun muhim siyosiy platforma deb hisoblaymiz.

Hurmatli ishtirokchilar!

Turkman xalqining zamonaviy oʻziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy anʼanalari, madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga, olijanoblik, bagʻrikenglik va yaxshi qoʻshnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi.

Bu fenomen turkman xalqining bugungi bosqichdagi ijobiy betaraflik falsafasining meʼmori – Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning hal qiluvchi roli tufayli butun dunyoda keng eʼtirofga sazovor boʻldi.

Tanlangan strategik yoʻnalish Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich tomonidan yangicha jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Turkmanistonning doimiy betaraflik modeli suverenitetni hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari faol tinchlikparvarlik hamda diplomatik faoliyat bilan qanday uygʻunlashishi mumkin ekanini yorqin namoyish etmoqda. Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani buning yaqqol dalilidir.

Biz Oʻzbekistonda turkmanistonlik qardoshlarimizning strategik qarashlari va tashqi siyosiy yondashuvlariga koʻp jihatdan qoʻshilamiz.

Shu bois, birodar Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yangi Oʻzbekiston uchun jahonga ochiqlik, oʻzaro hurmat va muloqotga intilish – fundamental qadriyatlardir. Aynan shu sababli biz umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida birdamlik boʻyicha Samarqand tashabbusini ilgari surdik. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.

Ishonchimiz komilki, faqat oʻzaro hurmat va tushunishga tayangan gumanistik hamda inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini mustahkamlashga qodir.

Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning Qoʻshilmaslik harakatidagi boʻlajak raisligi davrida biz tinchlik va zoʻravonlikdan xolilik madaniyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha global harakatni ragʻbatlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bagʻrikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga koʻmaklashishni bosh ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilash niyatidamiz.

Biz raisligimiz davomida kelgusi avlodlar manfaatlari yoʻlida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilishni rejalashtirmoqdamiz. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining oʻzaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturini qabul qilamiz. Uning amalga oshirilishida BMTning ixtisoslashgan institutlari, jumladan, Ashxoboddagi Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz faol ishtirok etishiga umid qilamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar oʻrtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Aynan shu sababli ham Turkmanistonning 2025-yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifi jahon hamjamiyatining eng muhim talablariga javob beradi.

Oʻzbekiston ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladi va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi boʻldi.

Ushbu global gʻoya qarama-qarshiliklarni rad etadigan, mojarolarni muzokaralar stoli atrofida hal qilishga sodiq va tinchlik oʻrnatish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish tarafdori boʻlgan mamlakatlarning birlashishiga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.

Shuni taʼkidlashni istardimki, oʻzaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari bizning Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatimizning ham asosidir.

Oʻtgan oyda Toshkentda boʻlib oʻtgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha birgalikdagi harakatlar, koʻpqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor koʻrsatdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Turkmanistonning konstruktiv hamda tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.

Rasmiy Ashxobod 2018-yilda – koʻp yillardan buyon birinchi marta Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga aʼzo davlatlar rahbarlarining birinchi sammitini tashkil etgan holda, Jamgʻarma doirasida oliy darajadagi muloqotlarni qayta tiklashda katta rol oʻynadi.

Shu yilning avgust oyida Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasining oʻtkazilishi mintaqada yagona transport-logistika makonini shakllantirishga muhim hissa boʻlib qoʻshildi.

Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish va infratuzilmaviy bogʻliqlikni kuchaytirish orqali tinch yoʻl bilan rivojlantirishga koʻmaklashish masalalari boʻyicha bizning va Turkmanistonning yondashuvlari toʻliq mos keladi.

Ashxobodning energetika va suv xavfsizligi, barqaror transport bogʻliqligini taʼminlash, shuningdek, mintaqada ekotizimni himoya qilish boʻyicha tashabbuslari bizning Markaziy Osiyodagi saʼy-harakatlarimizni tabiiy ravishda toʻldirmoqda.

Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu gʻoyalar mujassam boʻlgan bu takliflari uning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib oʻrin egallashiga aminman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorlik eng ulugʻvor rejalarni hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Shuning uchun ushbu rejalarni gumanitar hamkorlik orqali ilgari surish muhim.

Shu munosabat bilan kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida “Madaniyatlar muloqoti” deb nomlangan qoʻshma xalqaro gumanitar forumni tashkil etish, shuningdek, taʼlim, madaniyat va volontyorlik harakati sohalaridagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish orqali yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonini mustahkamlashga jalb etishga yoʻnaltirilgan “Yoshlar tinchlik va ishonch yoʻlida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilamiz.

Qadrli doʻstlar!

Tinchlik va ishonch – umumiy farovonlik asosidir. Bu qadriyatlarni mustahkamlash butun xalqaro hamjamiyat uchun hal qiluvchi ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi zarur.

Oʻzbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qoʻshishga tayyor.

Forum ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tilayman.

news

publications

12.12.2025

502

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 10-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobning muallifi taniqli siyosatshunos, senator hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovdir.

Tadbir davlat idoralari, diplomatik korpus, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga to‘pladi. Taqdimot Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda amalga oshirilgan va kitobda aks ettirilgan keng qamrovli islohotlar hamda o‘zgarishlarga bag‘ishlandi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochib berdi. U o‘z so‘zida mazkur kitob zamonamizning oxirgi yillardagi eng ko‘p o‘zgarishlardan biri – yangi O‘zbekistonning shakllanish tarixini aks ettirgan asar ekanini ta’kidladi. U nafaqat islohotlar haqidagi ilmiy tadqiqot, balki mamlakat, jamiyatning zamonaviylashuvi haqidagi hikoya ekani, millatning o‘zligini va jahon hamjamiyatidagi o‘rnini qayta barpo etish solnomasi ekanini qayd etdi.

– Bugungi globallashuv davrida O‘zbekistonning yangi taraqqiyot yo‘li xalqaro hamjamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.Aloyev. – Inglizcha nashr chet ellik siyosatchilar, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar uchun mamlakatimizdagi islohotlarni chuqurroq anglash imkonini beradi. Asarda siyosiy tizimni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yangi imiji haqida batafsil ma’lumot berilgan. O‘zbekiston bugun yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ochiqlik, taraqqiyot va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatga intilyapti. Kitob ana shu o‘zgarishlarning manzara va mantig‘ini keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.

Kitob mamlakatning strategik rivojlanish yo‘nalishini har tomonlama tahlil qilib, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi chuqur o‘zgarishlarni yoritib beradi. Unda iqtisodiyotni erkinlashtirish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda O‘zbekistonning xalqaro jarayonlardagi faol ishtirokchi sifatidagi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Machl o‘z ma’ruzasida quyidagilarni ta’kidladi: “Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatingizda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlari yuqori bahoga loyiqdir. Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ulkan qadamlar qo‘yilmoqda. Ushbu kitobda ham bular batafsil yoritib berilgan. O‘zbekiston 2016-yildan beri BMTda qabul qilingan 10 dan ortiq rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, u tinchlikni targ‘ib qilish, inson huquqlarini ta’minlash, iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlarga oid konvensiyalarning asosiy muallifi hisoblanadi”.

Nashrning ingliz tilidagi nashri allaqachon xalqaro miqyosda keng e’tirofga sazovor bo‘lgan. Avvalroq kitob taqdimotlari Vashingtonda AQSH Kongressi binosida, shuningdek, BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Bu voqealar chet ellik mutaxassislar, siyosatchilar va diplomatlar orasida katta qiziqish uyg‘otib, Yangi O‘zbekiston qiyofasini jahon maydonida ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

news

publications

12.12.2025

475

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qatʼiy intilishni tasdiqladilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti va qardosh xalqini mamlakat betarafligi eʼlon qilinganining 30 yilligi, ushbu muhim sanaga bagʻishlangan xalqaro forum yuqori saviyada tashkil etilgani hamda 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilingani bilan samimiy tabrikladi.

Turkmaniston Prezidentining yaqinda boʻlib oʻtgan Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Turkmaniston strategik sherikligini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb bir milliard dollarga yetdi. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi. Faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar davom etmoqda.

Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumining boʻlajak yigʻilishlarida savdo hajmini karrasiga oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni samarali ilgari surish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish muhimligi taʼkidlandi.