• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Yangiliklar

news

publications

07.11.2025

746

Hindiston Harbiy kolleji delegatsiyasi Diplomatik akademiyaga tashrif buyurdi

2025 yil 7 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaga Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Harbiy kollejning general-leytenant Harjit Singh Sahi rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Uchrashuvni Diplomatik akademiya direktori A.Xaydarov ochib berdi. U o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro hamkorlikning izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi. Mehmonlarga Akademiyaning tuzilmasi, ta’lim dasturlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan Hindistonning MERI Group of Institutions bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar va hamkorlikda tayyorlangan «Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishda O‘zbekiston-Hindiston istiqbollari» kitobi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosiy strategiyasi va Markaziy Osiyoda xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikning zamonaviy tendensiyalari haqida taqdimot o‘tkazildi.

Bo‘lib o‘tgan munozaralar chog‘ida delegatsiya a’zolari Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, O‘zbekiston iqtisodiyotining transport va kommunikatsiya sohalarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari rivojining imkoniyat va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdilar.

news

publications

07.11.2025

749

O‘zbekiston Prezidenti “C5+1” formatidagi sheriklikni yanada kengaytirishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining rasmiy qarorgohi – Vashington shahridagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi.

Prezident Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari AQSH yetakchisiga asos solinganidan buyon o‘tgan 10 yilda mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangan “C5+1” formatidagi sammit tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

“C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish taklif qilindi.

Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi.

Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish taklif qilindi.

Mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

Davlatimiz rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.

Tadbirda boshqa yetakchilar ham so‘zga chiqdi.

Sammit yakunida ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

news

publications

07.11.2025

785

O‘zbekiston va AQSH yetakchilari ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini olqishladilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

So‘ng Oval xonada yetakchilar muzokara o‘tkazdilar. O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning o‘tkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

Donald Tramp shu kunlarda O‘zbekiston yetakchisi AQSH hukumati vakillari, yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazganini olqishladi.

Yetakchilar qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

news

publications

07.11.2025

622

O‘zbekiston Prezidenti Amerika biznesi bilan strategik sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi rahbarlari, “Traxys”, “FLSmidth”, “McKinsey”, “Meta”, “Google”, “Amazon”, “Boeing”, “Air Products”, “Axiom Space”, “Cove Capital”, “Freeport-McMoRan”, “Orion CMC”, “Cargill Cotton”, “John Deere”, “Honeywell”, “Valmont Industries”, “Flowserve Corporation” kabi yirik korporatsiya va kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi 8 yil ichida AQSH bilan tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgani, mamlakatimizda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz hamkorlikning bugungi darajasi birgalikdagi ishlarga keng istiqbol ochadigan yangi bosqichning boshlanishi ekanini alohida ta’kidladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va yangi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilinishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

2030-yilga borib O‘zbekistonda 18-20 gigavattlik qayta tiklanuvchi quvvatlarga ega yangi energetika tizimi yaratiladi, elektr energiyasining yarmidan ko‘pi quyosh va shamol energiyasi hisobidan ishlab chiqariladi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston va AQSH uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQSHning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, avtomobil va temir yo‘llar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha transport infratuzilmasini rivojlantirishga 12 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

AQSHning “Google”, “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish shular jumlasidan.

Bunday loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSH Eksimbanki jalb qilinishi aytildi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi.

news

publications

07.11.2025

671

O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo vaziri Xovard Latnik bilan muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSH munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ko‘payib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsiya sohalarida qator yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo aloqalarini mustahkamlash, hududlararo hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. AQSHdan soya va paxta yetkazib berish, shuningdek, Amerikaning ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki shartnomalar tuzilgan.

Muzokaralar yakunida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya platformasini yaratish orqali amaliy hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

news

publications

06.11.2025

657

O‘zbekiston Prezidenti AQSH bilan parlamentlararo va hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrif doirasida 5-noyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.

Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta’kidlandi.

Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

news

publications

05.11.2025

710

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi nutqi

Hurmatli Rais Xonim Oliyalari!

Hurmatli Bosh kotib Janobi Oliylari!

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Qadrli birodarim, Qatar Amiri Shayx Tamim Ol-Soniy A’lo Hazratlariga Butunjahon sammitini yuksak darajada tashkil etayotganlari va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylariga ushbu anjumanni o‘tkazishdagi ulkan shaxsiy hissasi uchun alohida tashakkur bildiraman.

Global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim platforma bo‘lgan sammitning aynan Doha shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega.

Qatar Davlati so‘nggi yillarda ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyotning global markaziga aylanmoqda. Bunday olamshumul yutuqlar bilan Qatar xalqini chin dildan tabriklayman.

Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani e’tiborga molikdir.

O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Biz keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yo‘ldagi qat’iy pozitsiyamiz yangi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yildi hamda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi e’lon qilindi.

Avval tarqoq bo‘lgan ijtimoiy himoya dasturlari yagona tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi asosida birlashtirildi. Yangi ijtimoiy himoya modelimiz jamiyatning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan mahalladan boshlab, har bir xonadon va oilani qamrab olmoqda.

Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Jahonda murakkab iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar kechayotgan hozirgi sharoitda quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda umr kechirmoqda.

Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Bu borada ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirishga amaliy yordam beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, bandlik masalasini samarali hal etishda yangi, zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish dolzarb ahamiyatga ega.

Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etdi. Yuqori texnologiyalar, sun’iy intellektning jadal kirib kelayotgani dunyoda millionlab ish o‘rinlarining yo‘qotilishiga olib kelmoqda.

Bunday sharoitda hukumatlar va biznes ijtimoiy hamkor sifatida xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berishi zarur. Shu munosabat bilan ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbusni ishlab chiqish haqidagi taklifimizni ma’qullaysiz, deb ishonamiz.

Uchinchidan, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish mumkin.

Hozirgi davrda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollariga teng, deb baholanmoqda. Bu esa yosh avlodni ijtimoiy hayot va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtirmoqda hamda tengsizlikning keskin o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Biz kecha o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansning ilk uchrashuvi qarorlarini to‘liq ma’qullaymiz. Uning kelgusi sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni va ta’lim masalasini asosiy kun tartibi sifatida belgilashni taklif qilamiz.

To‘rtinchidan, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurati ortib bormoqda.

Hozirgi kunda dunyoda 300 milliondan ortiq migrantlar o‘zga yurtlarda mehnat qilmoqda. Afsuski, ularning haq-huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘plab uchramoqda.

Kelgusi yili xalqaro mehnat va migratsiya tashkilotlari bilan birgalikda O‘zbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish va Global dastur qabul qilishni taklif etaman.

Beshinchidan, barchamiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’sirini yaqqol sezib turibmiz.

Ekstremal ob-havo, cho‘llanish, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, eng avvalo, zaif qatlamlar – dehqonlar, mavsumiy ishchilar, murakkab ekologik vaziyatdagi mintaqalar aholisi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rish – juda dolzarb vazifa. Bu borada Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish niyatidamiz. Va bu yo‘nalishdagi tajribamizni jahon hamjamiyati bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugun biz qabul qilayotgan qarorlar jahondagi millionlab odamlarga ishonch va umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.

Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir.

Shu ma’noda, bugun qabul qilinayotgan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz unda belgilangan tamoyillarni hayotga to‘liq tatbiq etishga tayyormiz. Hech shubhasiz, ushbu tarixiy deklaratsiya Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida umumiy sa’y-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

So‘zimning yakunida barchangizga omad va yutuqlar, Butunjahon sammiti ishiga esa muvaffaqiyat tilayman. 

E’tiboringiz uchun rahmat.

news

publications

03.11.2025

653

O‘zbekiston Prezidenti Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-4-noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy strategiyalarni takomillashtirish va jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolatli va inklyuzivligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma bo‘lishga qaratilgan.

Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.

Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

news

publications

31.10.2025

635

Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi

2025-yil 30-oktabr kuni Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.

Finlandiya prezidenti va universitet rahbariyati o‘rtasidagi ishchi uchrashuvning asosiy mavzusi JIDU hamda Finlandiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning aniq yo‘llarini, jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik almashinuvi, tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Natijada ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilmiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, hamkorlik tashabbuslarini yanada rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Finlyandiya Prezidenti universitetga tashrifi doirasida JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, “Kuch muvozanatining o‘zgarishi: Tashqi siyosatda qadriyatlar, manfaatlar va kuch” (The changing balance of power: Values, interests and power in foreign policy) mavzusida ma’ruza o‘qidi.

Aleksandr Stubb o‘z nutqida global siyosiy tuzilmaning o‘zgarishi, milliy manfaatlar va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni, shuningdek, xalqaro kun tartibini shakllantirishda yoshlarning faol ishtirokining ahamiyati haqidagi qarashlarini bayon etdi.

Ma’ruza yakunida qizg‘in savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Bunda talabalar davlat rahbari bilan shaxsan muloqot qilish va u bilan Sun’iy intellekt siyosatdagi o‘rni hamda Yevropa Ittifoqining istiqboli kabi dolzarb mavzularni muhokama etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Finlyandiya Prezidentining JIDUga tashrifi ta’lim va ilm-fan sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Shuningdek, bu tashrif talabalarga barqaror kelajakni barpo etishda madaniyatlar va g‘oyalar o‘rtasidagi muloqotning naqadar muhimligini yaqqol namoyish etdi.